Biznes emas, tilla! O’zbek zargarlari qanday qilib 2023-yilda ishlab chiqarish hajmini 70 % oshirmoqchi
O’zbekistonda 2022-yilda oltin va kumushdan yasalgan zargarlik buyumlari ishlab chiqarish 18 foizga o’sdi va to’rt tonnani tashkil etdi, deya «Kursiv»ga xabar beradi «O’zbekzargarsanoati» zargarlik sanoati assotsiatsiyasi. Bozor ishtirokchilari 2023-yil sanoat uchun yutuq yili bo’lishiga va mahsulot ishlab chiqarish deyarli 70%ga oshib, 6,8 tonnaga yetishiga ishonchlari komil. «Kursiv» bu optimizmning nima bilan bog’liqligini aniqladi.
So’nggi bir necha yil ichida O’zbekistonda «oq» zargarlik buyumlari ishlab chiqarish hajmi tadbirkorlarga soyadan chiqib, o’z biznesini kengaytirish imkonini bergan qonunchilikdagi o’zgarishlar fonida o’sib bormoqda. Kichik sanoat va «butun boshli» zavodlar paydo bo’lmoqda. Biroq, ba’zi qiyinchiliklar hali ham mavjudligicha qolmoqda. Masalan, O’zbekistonning o’zining qimmatbaho toshlari yo’q, «kulrang» import esa bozorga o’z ta’sirini o’tkazishda davom etmoqda.
Xatolardan voz kechib
O’zbekiston zargarlari uchun so’nggi yillardagi yangiliklardan biri – bu tovar-xom ashyo birjasida (O’zRTXB) to’lovni kechiktirish orqali ishlab chiqaruvchilardan sof oltinga ega bo’lishdir. Ilgari ular qimmatbaho metallarga bo’lgan ehtiyojni aholidan xarid qilish hisobiga qoplagan. 2021-yil fevral oyida O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 foiz oldindan to’lov bilan qolgan summani 180 kundan keyin to’lash huquqini beruvchi qarorni imzoladi. Bu vaqt ichida ishlab chiqaruvchilar mahsulot ishlab chiqarishlari, sotishlari va xom-ashyo uchun to’lov qilishlari mumkin edi. Biroq, aslida, bu huquqdan faqat yuridik shaxslar foydalangan va islohot yakka tartibdagi tadbirkorlarga (YaTT) ta’sir qilmadi, garchi ularning ko’pchiligi segmentda ishlasada.
Prezidentning «Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahalliy zargarlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi yangi qarorida bu noaniqlik bartaraf etildi. Hujjat 2022-yil dekabrda imzolangan bo’lib, 2023-yil 1-fevraldan boshlab muddat uzaytirilishidan yakka tartibdagi tadbirkorlar ham foydalanishi mumkinligi ko’zda tutilgan. O’zbekiston Milliy bankidan tashqari, endi boshqa moliya institutlari ham to’lovlarni kafolatlaydi.
«2022-yilda O‘zRTXBda 50 ga yaqin zargarlik korxonasi oltin xarid qildi, – deydi savdo maydonchasi bosh makleri Islombek Ibrogimov. — Ular 472,1 kg oltin sotib oldilar. 2022-yilda oltin ishtirokida 278 ta bitim qayd etilgan bo’lsa, 2021-yilda ularning soni 54 taga yetdi».
Boshqa ishlab chiqaruvchilar ham birjada metall sotib olishadi, biroq asosiy hajm zargarlarga to’g’ri keladi. Qonunchilikdagi o’zgarishlar YaTTlarni ham birjaga kelishga undaydi, deb ishonadi O‘zRTXB bosh makleri. Shu sababli, savdo hajmining oshishi kutilmoqda.
«Hozir xususiy tadbirkorlar lom bilan shug’ullanmoqdalar (aholidan sotib olish. — “Kursiv»). Nega ular birjaga kelishmaydi? QQSdan qochish uchun. Imtiyozlar aynan ular birjaga kelib ishlashlari, to’g’ridan-to’g’ri ishlab chiqaruvchidan olish foydali bo’lishi uchun, aksincha lom olmasliklari uchun ishlab chiqilgan”, — deya xulosa qildi Islombek Ibrogimov.
Biznes javob beradi
Amalga oshirilayotgan o’zgarishlarning afzalliklariga zargarlarning o’zlari ham guvoh bo’lmoqda. «So’nggi yillarda zargarlik sanoatida islohotlarga doir qator hujjatlar qabul qilindi. Bizga xom-ashyoni to’g’ridan-to’g’ri OKMK va NKMKdan, qimmatbaho metallar ishlab chiqaruvchilardan, birjadan va affinaj korxonalardan sotib olish huquqi va shuningdek, to’lovni kechiktirish imkoniyati berildi», — «Kursiv» so’roviga javob berdi Sofizar zargarlik kompaniyasi.
2023-yil 1 fevraldan boshlab yirik kompaniyalar uch yil davomida qimmatbaho metallarni jahon narxlaridan arzonroq sotib olishlari mumkin. Sofizardagilarning qayd etishicha, 100 va undan ortiq kishidan iborat zargarlik fabrikalari uchun 1 dan 4% gacha chegirma ko’zda tutilgan.
Bu chora-tadbirlar ishlab chiqarish hajmida o’z ifodasini topdi. Ushbu zavod birinchi partiyani 2022 yil aprel oyida ishlab chiqardi. Keyin bozorga kuniga taxminan 1 kg mahsulot kirdi. Endilikda bu ko’rsatkich 3 barobarga oshdi, kelajakda kunlik hajmni 6 kg ga yetkazish rejalashtirilgan.
Bozordagi mavjud kamchiliklardan ishlab chiqaruvchi chetdan keltiriladigan zargarlik buyumlariga bojxona to’lovlari solingan bo’lsa-da, hamma mahsulotlar ham mamlakatga rasman olib kirilmyotganini va natijada, soyadagi bozorni paydo bo’layotganini ta’kidladi. O’zbekiston Respublikasida ham «zargar ishi» va sifati shubha ostida bo’lgan taqinchoqlar mavjud. Bu esa mahalliy korxonalar mahsulotlarini reklama qilishga to’sqinlik qilmoqda, deydi Sofizardagilar. Shu bilan birga, ular davlat ochiq raqobat muhiti uchun shart-sharoitlar yaratishga intilayotganini va respublikaning yuqori sifatli zargarlik brendlarini qo’llab-quvvatlayotganini qo’shimcha qiladi.
Taqchil mahsulot
O’zbekiston oltin va kumushdan mahrum emas. Mamlakat zargarlarning metallga bo’lgan ehtiyojini o’z ishlab chiqarishi hisobidan qoplashi mumkin. Kon qazish ishlari respublikaning ikkita yirik korxonasi – Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari tomonidan amalga oshiriladi. Biroq, qimmatbaho toshlar bilan vaziyat biroz boshqacha.
«Respublika qimmatbaho toshlarga ega emas», — tushuntirdi «O’zbekzargarsanoati» investitsiya va innovatsion loyihalar bo’limi bosh mutaxassisi Aleksandr Milentyev. — Lekin O’zbekiston Respublikasi bu muammoni qanday hal qilish yo’lini izlab topdi. Prezidentning dekabrdagi qarorida 2026-yil 1 yanvarga qadar marvarid, olmos, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar uchun import bojxona to’lovlari 0 foiz miqdorida belgilandi.
Milentyevning so‘zlariga ko‘ra, qimmatbaho metallar bilan ishlash uchun ruxsatnomaga ega bo’lgan har qanday yuridik shaxs bu yerga qayta ishlangan va qayta ishlanmagan toshlarni olib kirishi mumkin. Olmoslarga kelsak, ular faqatgina sayqallangan holda import qilinishi mumkin.
«Kimberli jarayonini sertifikatlash tizimi mavjud. Tizimga kirmagan mamlakatlar ishlov berilmagan olmos sotib ololmaydi. Agar respublika sertifikatlashtirish tizimiga kirsa, bu sayqallash bo’yicha qo’shimcha ish o’rinlarini yaratish imkonini beradi», — dedi Aleksandr Milent’yev.
Uning qo’shimcha qilishicha, O’zbekiston jarayon ishtirokchisi bo’lishi uchun oxirgi qadamni qo’ygan. Mamlakatga komissiya kelib, qonunchilik bazasining muvofiqligini va vakolatli organlarning ishlov berilmagan tabiiy olmoslar aylanishini nazorat qilishiga tayyorligini tekshirishi kerak, deydi ekspert.
Hududlarga ekspansiya
O’zbekiston Prezidentining dekabrdagi qarorida sohaga qator imtiyozlar kiritilgan bo’lib, ular ishlab chiqaruvchilarni qo’llab-quvvatlashga aylanishi kerak. Masalan, Olmaliq KMKga Milliy bankning Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Farg’ona viloyatlari va Toshkent shahar filiallarida zargarlar uchun qimmatbaho metallar zaxirasini yaratish topshirildi. Ushbu chora keraksiz mantiqiy xarajatlarni bartaraf etishi lozim.
Shuningdek, ular malakali kadrlar sonini oshirish orqali segmentga yordam berishmoqchi. Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatlardagi «Ishga marhamat» monomarkazlari va kasb-hunarga o’qitish markazlarida Italiya, Turkiya va boshqa davlatlardan mutaxassislarni jalb etgan holda zargarlik yo’nalishi bo’yicha o’quv kurslarini tashkil etishni ma’qulladi.
O’quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlaganlar zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun inventar va asbob-uskunalar xarid qilish uchun 50 million so’mgacha imtiyozli kredit olishlari mumkin.
Bu va boshqa imkoniyatlar sohaga turtki bo’lishi kerak, deydi Aleksandr Milent’yev. Hozirda assotsiatsiya 2023-yilning 12-14-may kunlari Uzbek Jewellery Fair birinchi xalqaro ko’rgazmasini o’tkazishga hozirlik ko’rmoqda, unda dunyoning 25 davlatidan ishlab chiqaruvchilar yig’iladi va O’zbekistondagi zargarlik buyumlariga e’tibor qaratiladi.