Yangiliklar

O‘zbekiston BMTning Ukrainadan qo‘shinlarini olib chiqish to‘g‘risidagi rezolyutsiyaga ovoz berishda betaraf qoldi

Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston ham so‘zga chiqdi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasi Rossiyani Ukrainadan qo‘shinlarini olib chiqishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. O‘zbekiston ovoz berishda betaraf qoldi, deya xabar beradi RBK.

Hujjatni qabul qilish uchun 141 davlat delegatsiyasi ovoz berdi. Yetti davlat – Rossiya, Belarus, Suriya, Shimoliy Koreya, Nikaragua, Mali va Eritreya qarshi ovoz berdi.

32 davlat – Oʻzbekiston Respublikasidan tashqari Armaniston, Xitoy, Hindiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moʻgʻuliston, Pokiston va Tojikiston ovoz berishda betaraf qoldi.

«Kommersant»ning tushuntirishicha, rezolyutsiya «Ukrainada keng qamrovli, adolatli va barqaror tinchlik o‘rnatish tamoyillari to‘g‘risida» deb nomlanadi. Hujjat Rossiyani xalqaro tan olingan chegaralari doirasida Ukraina hududidan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga, shuningdek, muhim infratuzilmaga zarba berishni to‘xtatishga chaqiradi.

BMT va xalqaro tashkilotlar a’zolari «Ukrainada BMT Nizomiga muvofiq keng qamrovli, adolatli va barqaror tinchlikka erishish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlarni ikki karra qo‘llab-quvvatlashga» chaqiriladi.

BMT Bosh Assambleyasi Belarus delegatsiyasi tomonidan taklif qilingan rezolyutsiya matniga ikkita tuzatishni qabul qilmadi. Minsk hujjatdan rus qo‘shinlarini olib chiqish chaqirig‘ini olib tashlashni va tinchlik muzokaralarini boshlash chaqirig‘ini qo‘shishni maslahat berdi.

BMTning maxsus sessiyasi 2022-yil 24-fevral erta tongda boshlangan Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga bostirib kirishi yilligiga bag‘ishlandi.

Kursiv avvalroq yozganidek, shu hafta Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalar muddatini 2024-yil 24-fevralgacha uzaytirdi.