Bloomberg: Usmonov milliarderlar reytingida “pastladi”
81-o’rindan 84-o’ringacha
Asli kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov Bloomberg Billionaires Indexda 500 milliarderdan iborat bo‘lgan 81-o‘rindan 84-o‘ringa tushib ketdi.
Hozirda Usmonovning boyligi 19,2 milliard dollarga baholanmoqda. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, uning aktivlarining aksariyati naqd puldir. 1 fevral holatiga ko‘ra, milliarderning boyligi 19,5 milliard dollarni tashkil qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Usmonov Italiyaning TGcom24 telekanaliga bergan intervyusida O‘zbekistonga yordam berish maqsadida biznesni tark etganini aytgan edi.
«Sanksiyalar tufayli hozir juda qiyin vaziyatdaman, biroq men xayriya loyihalarini to’xtatmayman va hali ham ishlashda harakat qilaman. Shuning uchun, albatta, O‘zbekistonga yordam berish, yurtimga foydali bo‘lish uchun bor kuch va imkoniyatlarimni ishga solaman. Bu mening katta maqsadim, bu yo’lda men tadbirkorlik faoliyatini boshqarishni va hatto ko’plab loyihalarimning aktsiyanerligidan voz kechdim», dedi u.
Usmonov Rossiya-Ukraina mojarosi boshlanganidan keyin Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan edi.
Fevral oyi oxirida rossiyalik milliarder Yevropa Ittifoqi (YEI) sanksiyalariga qarshi chiqish niyatida ekani ma’lum bo‘ldi. Uning advokatlari Bryussel tomonidan bunday qadam qo‘yilgani “inson qadr-qimmatiga» to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlashmoqda.
Avvalroq «Kursiv» USM Telecom MegaFonning Ucelldagi ulushini sotib olgani haqida yozgan edi.