Gruziya hukumati xorijiy agentlar haqidagi qonun loyihasini qaytarib oldi
Sabab: Mamlakatdagi ommaviy norozilik namoyishlari
Hukmron «Gruziya orzusi» partiyasi va Gruziya parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etuvchi boshqa partiyalar ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng xorijiy ta’sirning shaffofligi haqidagi qonun loyihasini qaytarib oldi, xabar bermoqda «Rustavi 2».
«Qonun loyihasiga “Rossiya qonuni» degan soxta tamg‘a qo‘yilgan va uning birinchi o‘qishda qabul qilinishi jamoatchilikning bir qismi nazarida Yevropa kursidan chekinish sifatida ko‘rsatildi”, — deyiladi tomonlar bayonotida.
Qonun loyihasi fevral oyida parlamentga «Xalq kuchi» harakati tomonidan kiritilgan va hukmron «Gruziya orzusi» partiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Hujjatga ko‘ra, 20 foizdan ortiq mablag‘ chet eldan moliyalashtiriladigan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari reestrini yaratish rejalashtirilgan edi.
Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili qonunning qabul qilinishi davlatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga xavf tug‘dirishini aytib, unga veto qo‘yishga va’da berdi.
Biroq 7 mart kuni parlament qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi, bu esa minglab odamlar ishtirokida ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi.
Eslatib o’tamiz, Tbilisidagi namoyishlar politsiya bilan to’qnashuvlar bilan kechgan. Ichki ishlar vazirligining 50 ga yaqin xodimi yaralangani xabar qilingan.