Uning boyligi 14,4 milliard dollarga baholanmoqda
Asli o‘zbekistonlik rossiyalik milliarder Alisher Usmonov Forbes tomonidan tuzilgan dunyoning eng boy odamlari global reytingida 122-o‘rinni egalladi.
Tadbirkorning boyligi 14,4 milliard dollarga baholanmoqda. 69 yoshli Usmonovning asosiy boyligi metallurgiya va telekommunikatsiya sohalaridandir. U Xitoyning elektronika ishlab chiqaruvchisi Xiaomi va boshqa telekommunikatsiya, konchilik va media kompaniyalarida ulushlarga ega. 2000 yildan 2014 yilgacha Usmonov «Gazprom»ning sho»ba korxonasi «Gazprom Investxolding»ni boshqargan.
«U oʻzining birinchi boyligini sobiq Sovet Ittifoqida juda kam boʻlgan plastik qoplar ishlab chiqarish orqali topdi, odamlar ularni yuvib, qayta ishlatar edi», – taʼkidladi Forbes.
Bugungi kunda USM xolding asoschisi va aksiyadori Toshkent shahrida istiqomat qiladi. Italiyaning TGcom24 telekanaliga bergan intervyusida u O‘zbekistonga yordam berish maqsadida biznesni tark etganini aytdi. U O‘zbekistonga sarmoya kiritish qarorini «buyuk maqsad» deb atadi.
Forbes Rossiya muharrirlari xalqaro reytingga asoslanib, Usmonovni eng boy rossiyaliklar ro‘yxatida sakkizinchi o‘ringa qo‘ydi.
«Yevroxim» kompaniyalari direktorlar kengashining sobiq a’zosi, 25,2 milliard dollar boyligi bilan Andrey Melnichenko Rossiyaning eng boy tadbirkoriga aylandi.