Mirziyoyev Erdo‘g‘onni saylovdagi muvaffaqiyati bilan tabrikladi
Prezidentlar telefon orqali gaplashdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-may kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan telefon orqali muloqot qildi.
Shavkat Mirziyoyev Turkiya rahbarini prezidentlik va parlament saylovlari muvaffaqiyatli o‘tgani, natijada Erdo‘g‘on va uning partiyasi ko‘pchilik ovozlarni qo‘lga kiritgani bilan tabrikladi.
O‘zbekiston Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, ovoz berish natijalari turk xalqi uning siyosiy va iqtisodiy islohotlarini qo‘llab-quvvatlayotganidan dalolat beradi.
Tomonlar qo‘shma loyihalar, rejalar va Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini ham muhokama qildi.
Eslatib o‘tamiz, 14 may kuni Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylov byulletenlarining 98,02 foizini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, Erdo‘g‘on 49,34 foiz ball bilan yetakchilik qilmoqda. Kemal Kilichdaro’g’li 44,99% ovoz olmoqda.
Nomzodlardan biri hali 50 foizdan ko‘p ovoz ololmagani uchun ikkinchi tur o‘tkazilishi kutilmoqda.