«Rezidentlarning shaxsiy ma’lumotlarini» himoya qilish uchun
Montana mamlakatda Xitoyning TikTok qisqa video xizmatini taqiqlagan birinchi shtatga aylandi. Bu haqda Montana gubernatori Greg Janforte Twitterda xabar qoldirdi.
«Montana aholisining shaxsiy hayotini Xitoy Kommunistik partiyasidan himoya qilish uchun men Montana shtatida TikTokni taqiqladim», deb yozdi Janforte ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Keyinroq u nafaqat TikTok, balki shaxsiy ma’lumotlarni «xorijiy dushmanlar» bilan baham ko‘radigan har qanday ilovalarni ham taqiqlaganini qo‘shimcha qildi.
Kursiv AQShdagi TikTok bilan bog’liq vaziyat haqida yozgan. Mart oyida AQSh senatorlari Xitoy hukumati bilan aloqasi borligi sababli mamlakatda xizmatni taqiqlash bo‘yicha qonun tayyorlayotgani xabar qilingan edi. Shundan so’ng, ByteDance bosh kompaniyasi TikTokni sotish haqida o’ylay boshladi, biroq Xitoy rasmiylari bunga qarshi chiqdi.
TikTok – bu Xitoyning ByteDance kompaniyasiga tegishli bo’lgan qisqa video yaratish va ko’rish xizmati. Ilovadan 150 ta davlatdan 1 milliarddan ortiq kishi foydalanadi.