2023 yilning 21 may kuni Namangan shahrida bir oy davom etadigan «62-Xalqaro Gullar Festivali»ga start berildi.
Mazkur festivalni Namangan xalqaro aeroportidan boshlanadigan 200 dan ortiq rang-barang gullarga burkangan avtokarvon ochib berdi.
Gullar festivali doirasida Namangan shahri aholisi va mehmonlariga xalqaro modalar haftaligi, folklor guruhlarining chiqishlari, hunarmandlar ko‘rgazmasi, sanʼat asarlari, lazer, dron, illyuziya va talant shoulari, halqaro etnosport, nazm va navo hamda askiya kechalari, 80-90 yillarning retro qo‘shiqlaridan o‘rin olgan dasturlar, gastronomik festival, bolajonlar uchun sirk tomoshalari, attraksion hamda boshqa ko‘ngilochar o‘yinlar namoyishi bo‘lib o‘tdi. Festivalning ochilish marosimida hukumat vakillari, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari, chet ellik mehmonlar, nuroniylar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Festivalda tajribali gulchilar hamda havaskor gul yetishtiruvchilar ham ishtirok etdi.
«62-Xalqaro Gullar Festivali»ning ochilishida Namangan va respublikaning boshqa viloyatlaridan 200 dan ortiq gul yetishtiruvchi tadbirkorlar va Xitoy xalq respublikasining Yuinyan provinsiyasining 6 nafar delegatsiya aʼzolari o‘zlarining gul ko‘rgazmalari hamda 70 dan ortiq yirik kompozitsiyalari bilan ishtirok etishdi.
Ochilish tantanalariga 518838 nafardan ortiq tomoshabin tashrif buyurdi.
Ulardan Andijon, Farg‘ona va Respublikamizning turli viloyatlaridan 121390 nafar, shuningdek, Namangan viloyatining tumanlaridan – 390808 nafar mahalliy, 18 ta xorijiy davlatlardan – 6640 nafar xorijiy sayyohlar tashrifi kuzatildi.
Xalqaro Gullar Festivaliga qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidan (5839 nafar) eng ko‘p mexmon tashrifi ko‘zga tashlandi. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston va Tojikiston Respublikalari (283, 149 nafar)dan tashrif buyurgan sayyohlardir. Bundan tashqari Rossiya, Xitoy, Turkiya, Bangladesh, Hindiston kabi davlatlar fuqarolarining ham festivalda ishtiroki kuzatildi.
Sayyohlar nafaqat «Zahiriddin Muxammad Bobur» bog‘ida tashkil etilgan gullar festivali, shuningdek Namangan shahrining fahri, markaziy Osiyoda yagona hisoblangan «Afsonalar vodiysi» tematik parkida tashkil etilgan madaniy tadbirlar, konsert va boshqa ko‘ngilochar tadbirlarda qatnashishdi.
Joriy yil bayram 21 maydan 21 iyungacha davom etadi. Shu vaqt oralig‘ida Namangan shahriga 3,5 mln nafardan ortiq mahalliy va xorijiy sayyohlar tashrif buyurishi kutilmoqda.