Angliya rezidentlariga shartsiz asosiy daromad to’lanadi
Shartsiz asosiy daromad dasturi Angliyaning ikkita hududida sinovdan o’tkaziladi. Ularning rezidentlariga ikki yil davomida oyiga 1600 funt (taxminan 2000 dollar) maosh to‘lanadi. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.
Ushbu mablag’ni oluvchilar Angliyaning shimoli-sharqidagi Jarrow shahri va Londonning Sharqiy Finchli tumanining 30 nafar aholisi bo’ladi. To’lovlar uchun shartlar bo’lmaydi. Eksperimentning maqsadi shartsiz asosiy daromad tajriba ishtirokchilarining hayotiga qanday ta’sir qilishini tushunishdir.
«Bu (1600 ming funt – tahrir) katta miqdor. Umumjahon asosiy daromad odatda odamlarning faqat asosiy ehtiyojlarini qoplaydi, ammo biz ushbu toʻlov loyiha ishtirokchilari ishlashni xohlaydimi yoki yoʻqmi, ularning aqliy va jismoniy salomatligiga qanday taʼsir koʻrsatishini koʻrmoqchimiz», – Autonomy tahlil markazi tadqiqot direktori Vill Strondja so’zlaridan nashrdan iqtibos keltirildi. Ushbu tashkilot dasturning hamkori hisoblanadi.
Uning fikricha, ingliz jamiyati kelajakda texnologik taraqqiyot va iqlim o‘zgarishi sababli «asosiy daromadning qandaydir shakliga» muhtoj bo‘ladi. Joriy eksperiment «milliy darajada daromadlarni joriy etish uchun zamin tayyorlash» bo’ladi.
Shunga o’xshash tajriba Buyuk Britaniyaning yana bir qismi – Uelsda ham amalga oshirilmoqda. U yerda ota-onasining qaramog‘idan chiqib ketayotgan yoshlar oyiga 1600 funt to‘lov oladi.