Yangiliklar

Misr BRIKSga bir qadam yaqinlashdi

Bu haqida Rossiyaning Qohiradagi elchisi ma’lum qildi

Misr BRIKS davlatlararo assotsiatsiyasiga kirish uchun ariza berdi. Bu haqda Rossiyaning ushbu mamlakatdagi elchisi Georgiy Borisenko ma’lum qildi.

Elchining qayd etishicha, BRIKS hozir faol ravishda dollardan voz kechib, yo boshqa valyutani tanlashga yoki o‘zinikini yaratishga harakat qilmoqda. Borisenkoning fikricha, Misr bu jarayondan «ancha manfaatdor».

Misrning BRIKSga qo‘shilish istagi o‘tgan yilning iyul oyida ma’lum bo‘lgan edi.

Shu bilan birga, braziliyalik Luiz Inasiu Lula da Silva BRIKS o‘z valyutasi haqida o‘ylayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab davlatlar dollar sotib olishda qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda va bu chora savdo jarayonlarini osonlashtiradi.

BRIKS 2006-yilda tashkil etilgan va ta’sischi mamlakatlarning (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika) birinchi harflari sharafiga nomlangan. Argentina, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Eron, Indoneziya banklararo aloqa mexanizmiga qo‘shilish istagida.