Mirziyoyev yoshlarni bayram bilan tabrikladi

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
O‘zbekistonda Yoshlar kuni har yili 30 iyun kuni nishonlanadi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi yo‘lladi. Toʻliq matn davlat rahbari saytida eʼlon qilingan.

Foto: O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati

Prezidentimizning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda 18 milliondan ortiq o‘g‘il-qiz istiqomat qiladi. Ularning iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishi, bilim olishi, ish bilan ta’minlanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Masalan, O‘zbekistonda «Yoshlar daftarlari» tizimi faoliyat ko‘rsatmoqda, unga ko‘ra, 798 ming nafar yoshlarga yordam ko‘rsatish uchun qariyb 1 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan 53 ming nafar talabaning to‘lov-kontrakt asosida o‘qishi to‘landi.

Davlatimiz rahbari oliy taʼlim muassasalari soni qariyb uch baravar (210) oshganiga ham eʼtibor qaratdi. Qo‘llab-quvvatlash choralari orasida imtiyozli kreditlar ham bor. Oxirgi uch yilda 250 ming nafar yoshlarga 6 trillion so‘mdan ortiq ana shunday kreditlar ajratildi. 210 ta yoshlar sanoat va biznes zonalari tashkil etildi. 4 trillion so‘mlik 2,5 ming loyiha amalga oshirildi. Shu bois yosh tadbirkorlar soni ikki baravar ortib, 200 mingdan oshdi.

– Mamlakatimiz yoshlari yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, turli sohalarda erishayotgan yutuqlari bilan ruhlanayotgani barchamizni quvontiradi, albatta. O‘tgan yili xalqaro fan olimpiadalarida o‘zbekistonlik o‘quvchilar 7 ta oltin, 36 ta kumush va 38 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Joriy yilda yosh sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda 247 oltin, 119 kumush va 110 bronza medalni qo‘lga kiritdi. Keyingi yillarda Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan 758 nafar yoshlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi, – dedi Prezidentimiz.

O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimizda yigit-qizlarning orzu-umid va intilishlari, istiqbolli g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishini ta’kidladi.

«Hech qachon unutmang: g‘alaba va baxt – maqsad sari!» – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Yoshlar kuni har yili 30-iyun kuni nishonlanadi. Shu kuni 2017-yilda «Kamolot» YIHning qayta tashkil etilishi natijasida vujudga kelgan Respublika Yoshlar ittifoqi tuzildi.

Shuningdek