Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentlik saylovlari yakunlari

Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini eʼlon qildi

Shavkat Mirziyoyev saylovda 87,5 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi, saylovchilarning 79,8 foizi ishtirok etdi.

Shavkat Mirziyoyev uchinchi prezidentlik saylovida 87,5 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi, deb xabar qildi MSK. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, saylovchilarning 79,88 foizi qatnashgan.

O‘zbekiston tarixida 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan birinchi navbatdan tashqari prezidentlik saylovida amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev 87,5 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Uning nomzodi O‘zLiDeP tomonidan ko‘rsatilgan va «Milliy tiklanish» partiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Saylovning dastlabki natijalarini Toshkentda bo‘lib o‘tgan brifingda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev ma’lum qildi.

U Shavkat Mirziyoyevni saylangan prezident deb eʼlon qildi.

– Saylov xalqaro me’yor va standartlar, milliy saylov qonunchiligimiz asosida, ochiqlik, oshkoralik, erkinlik va adolat kabi demokratik tamoyillarga to‘la mos holda, ko‘tarinki ruhda o‘tdi, – dedi u. Eslatib o‘tamiz, 2016-yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda Shavkat Mirziyoyev 87,73 foiz, 2021-yil 24-oktabrda 80,12 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan edi.