O‘zbekistonda “Halol” mehmonxonalar rasman paydo bo‘ladi
Oʻzbekistonda mehmonxonalar va boshqa turistik xizmatlar uchun halol sertifikatlari berila boshlaydi, deb xabar qildi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.
Bu borada «Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish markazi» DUK xalqaro halol turizm markazlari – World Halal Trust Group va Halal «MAIB» MChJ bilan memorandum tuzdi.
Hujjat diniy sayyohlar uchun axloqiy va madaniy me’yorlarni hisobga olgan holda qulay sharoitlar yaratadi.
Memorandumga muvofiq, tomonlar halol turizm masalalari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy darajada qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirishga ko‘maklashadi, mehmonxonalar va boshqa turistik xizmatlarni sertifikatlashtiradi.
Halol turizm deganda islom normalariga muvofiq turlar tashkil etish, jumladan, ruxsat etilgan taomlar, erkaklar va ayollar uchun alohida basseynlar, namoz vaqtlari haqida xabar berish nazarda tutiladi.