Qanday qilib inson resursini kapitalga aylantirish mumkin

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Bu haqda Serbiyaning sobiq prezidenti Boris Tadich “Kursiv”ga blits intervyusida ma’lum qildi
Борис Тадич

Aholining asosiy qismini yoshlar tashkil etuvchi O‘zbekiston uchun inson kapitalini rivojlantirish bugungi kunda eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Iqtisodiyoti o‘sib borayotgan O‘zbekiston Respublikasi malakali kadrlarga doim ehtiyoj sezmoqda. Biroq, ko‘p sonli aholi ko‘rinishidagi ulkan salohiyat hali mamlakat iqtisodiy rivojlanishining kafolati emas, bu fuqarolarga ta’lim berish va ularni ish bilan ta’minlashda yangi yechimlarni talab qiladi. VEON Group davlat organlari bilan aloqa qilish bo‘yicha maslahatchisi, Serbiyaning sobiq prezidenti Boris Tadich bilan bugun O‘zbekiston inson resursini rivojlantirish uchun nima qilishi kerakligi haqida suhbatlashdik.

Ilm yorug‘likka yetaklaydi

— Janob Tadich, bugungi kunda O‘zbekistonda kadrlar resurslari katta. Uni kapitalga aylantirish uchun nima qilish kerak?

— Buning asosiy yechimi — ta’lim. Biroq, ta’limni boshqaruvsiz qoldirib bo‘lmaydi. Ta’limga an’anaviy yondashuvni takomillashtirish, qolaversa, bunga ijodiy yondashish zarur. Shunchaki yodlash nafaqat zerikarli, balki samarasiz hamdir. Va bugun butun dunyo shunday masalaga to‘qnash kelgan. Ta’limni insoniyat uchun yanada ijodiy va foydali qilish masalasi muammoga aylandi, deya ta’kidlash mumkin.

O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan mamlakatlarda katta imkoniyatlar bor. Chunki sizlar juda innovatsion bo‘lishingiz va ta’limning yangi shakllari haqida o‘ylashingiz mumkin. Biz yosh avlodga e’tibor qaratishimiz va ular nafaqat yosh, balki bizdan juda jiddiy farq qilishini tushunishimiz kerak. Biz ularning fikrlash tarzini tushunishimiz va neyrologik jihatlarni hisobga olishimiz kerak. Va shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda bu boradagi barcha global tadqiqotlarni hisobga oladigan, mamlakatda yangi ta’lim rejasini ishlab chiqa oladigan olimlar hamda ziyoli siyosatchilar guruhi bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Bunda ulkan salohiyat mavjud.

— Bugungi kunda hukumat O‘zbekiston Respublikasida ta’lim va biznesni rivojlantirish yo‘nalishlaridan birida BPOni tanlamoqda. Ushbu tashabbusni qanday baholaysiz?

– Hukumat oldida qilinishi kerak bo‘lgan talaygina ishlar bor: sarmoya kiritish, tadqiqotlar o‘tkazish, BPO bozorini ochish va bu sohada tajribaga ega odamlarni jalb qilish. Bu borada O‘zbekistondagi kadrlar salohiyatini bilmayman, lekin hoziroq mutaxassislarning global tanlovini o‘tkazish juda muhim bo‘lishi mumkin.

– Relokatsiya uchun O‘zbekistonni tanlagan rossiyalik mutaxassislar oqimi inson kapitalini rivojlantirishga yordam beradimi?

– Bu masala nafaqat O‘zbekiston, balki mening yurtim uchun ham dolzarbdir. Chunki rossiyaliklarning aksariyati, afsuski, geosiyosiy vaziyat tufayli O‘zbekistonga va boshqa davlatlarga, jumladan Serbiyaga ham jo‘nashmoqda. Biz ham qachonlardir shu kabi hodisalarni boshimizdan kechirganmiz. 1917-yildagi inqilobdan keyin Rossiyadan aholining ommaviy migratsiyasi sodir bo‘ldi. Ular keyinchalik arxitektura, tibbiyot, fan va tarix sohasida mening mamlakatim rivojiga hissa qo‘shgan juda ziyoli odamlar edi. Xuddi shunday tartibda insonlar O‘zbekiston rivojiga ham yordam berishi mumkin. Bu yerda ko‘plab rus iqtidorli mutaxassislar borligini bilaman. Men ularni doim o‘z mamlakatim, Serbiyaga taklif qilaman. Nafaqat ruslar, balki ukrainlarni ham. Biz dunyodagi har bir mamlakat haqida hamda barqaror rivojlanish, inson kapitali to‘g‘risida o‘ylashimiz kerak. Shu munosabat bilan, bir tomondan ular bizning mamlakatlarimizga kelganidan xursandman, lekin shu bilan birga ular o‘z davlatlarining rivojiga hissa qo‘sha olmasligi ham juda achinarli holat. Bu juda ko‘p qirrali savol.

Birgalikda bir kuch

— Siz Markaziy Osiyoga tez-tez tashrif buyurib turasiz. Sizningcha, O‘zbekiston mintaqadagi boshqa mamlakatlardan nimasi bilan farq qiladi?

– Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan solishtirganda, O‘zbekiston ham tarixiy, ham madaniy ko‘plab jihatlari bilan juda farq qiladi. Ammo siz bir-biringizsiz yashay olmaysiz. Sizlar yashaydigan makon uchburchak hosil qiladi. Buni to‘g‘ri tushunish — juda muhimdir. O‘zbekiston — ancha yuqori inson resurslariga ega davlat. Yaqin 17-18 yil ichida bu yerdagi aholi soni 50 million kishiga yaqinlashadi. Albatta, buni Xitoy bilan solishtirib bo‘lmaydi, lekin O‘zbekiston aholisini o‘sha paytdagi Yevropa davlatlari, masalan, Fransiya, Germaniya, Italiya bilan solishtirish mumkin bo‘ladi. Bu o‘zini o‘zi eplaydigan bozor. Shu bilan birga, aholi juda yosh – o‘rtacha 29 yosh. Buni prognozlash va mamlakat kelajakda qanday ko‘rinishga ega bo‘lishini ko‘rish nuqtai nazaridan jiddiy qabul qilish kerak. Shuning uchun men har doim hukumatingiz va mutasaddilarga kelajak vazirligi haqida o‘ylab, turli vazirliklarda yangi texnologik jihatlar – sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari, qurilish, ta’lim sohalarida kelishib olishlarini taklif qilaman. Ilm-fan va yangi texnologiyalar juda muhim. Mening nazarimda, bu O‘zbekistonda siz loyiq bo‘lgan barcha narsaga erishishning yagona yo‘li.

Shuningdek