Samarqand viloyatining Urgut tumanida to‘rtta arxeologik yodgorlik shikastlangan bo‘lib, ularning umumiy miqdori mutaxassislar tomonidan 9 milliard so‘mga baholanmoqda.
Prokuratura tomonidan o‘tkazilgan tekshirish natijalariga ko‘ra, Tulqirtepa-1 arxeologik yodgorligida tuproq qayta ishlangani – 163 kub metr tuproq qazilgani ma’lum bo‘ldi. Tarixiy obyektga 4 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.
Bundan tashqari, Teshiktepa, Koʻlqishloqtepa-2 va Mozortepa oʻrta asr arxeologik yodgorliklari qisman buzib tashlangan. Zarar 5 milliard so‘mga baholanmoqda.
Endi jinoyatchilarni yetti yilgacha qamoq jazosi kutmoqda.
Avvalroq Surxondaryo viloyatida ham xuddi shunday holat kuzatilgan edi. Fuqarolar qadimiy tarixiy obidada ekin maydonlarini tashkil qilib, 13 milliard so‘mlik zarar yetkazgan.
Eslatib oʻtamiz, bugungi kunda respublika hududida 8,2 mingta moddiy meros obyektlari mavjud boʻlib, ulardan 4,8 mingtasi arxeologik yodgorliklardir.