Yangiliklar

Katta sakrash. O‘zbekiston internet tezligi reytingida o‘z o‘rnini yaxshiladi

Bu haqda Britaniyaning Cable.co.uk agentligi xabar bermoqda

O‘zbekiston 2023-yilgi keng polosali internet reytingida 220 mamlakat ichida 131-o‘ringa ko‘tarildi. Respublika natijani 24 ballga yaxshiladi. Indeks Cable.co.uk (Buyuk Britaniya) tomonidan tuzilgan.

Foto: Unsplash

O‘zbekistonda internet tezligi o‘rtacha 21,67 Mbit/s. O‘zbekiston fuqarosi 5 GB hajmdagi filmni yuklab olishi uchun 31 daqiqa vaqt ketadi.

– Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda AKT sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida O‘zbekiston 24 pog‘onaga ko‘tarildi. Albatta, O‘zbekistonni AKT-xabga aylantirish uchun internet tezligini oshirish bo‘yicha hali ko‘p ish qilishimiz kerak”, — deya izoh berdi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov o‘zining Telegram’dagi kanalida.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston bir pog‘ona pastlab, 155-o‘ringa tushib ketdi. O‘rtacha internet tezligi 13,13 Mbit / s ni tashkil qiladi.

Jersi orolidagi eng tez keng polosali Internet – Britaniya toji mulki (264,52 Mbit/s). Undan keyingi o‘rinlarda Lixtenshteyn Knyazligi (246,76 Mbit/s), uchinchi o‘rinda Xitoyning maxsus ma’muriy hududi – Makao (231,4 Mbit/s).