Beeline Uzbekistan daromadi 1,4 trillion so‘mga yetdi
«Veon» hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda Beeline 6-chorakda ketma-ket 20 foizdan ortiq daromad o‘sishini ko‘rsatdi.
Yilning birinchi yarmida «O‘zbek Beeline»ning daromadi 22,4 foizga o‘sib, 1,4 trillion so‘mni tashkil qildi. Joriy yilning ikkinchi choragi yakunlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar 749,5 milliard so‘mga yetdi, bu 2022-yilning shu davriga nisbatan 20,9 foizga ko‘pdir.
«2023-yilning ikkinchi choragida O‘zbekistonda Beeline 8,6 million abonentni ro‘yxatga oldi, bu o‘tgan yilga nisbatan 11 foizga ko‘pdir. 4G foydalanuvchilari bazasi chorak davomida 6 million foydalanuvchiga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 23,6 foizga o‘sdi va hozirda 4G foydalanuvchilari umumiy mijozlarning 69,3 foizini tashkil etadi», — deyiladi hisobotda.
Shu bilan birga, aprel-iyun oylarida operatsion daromad (EBITDA) 2022 yilning shu davriga nisbatan 37,9 foizga kamaygan holda 311,9 milliard so‘mni tashkil etdi. Birinchi olti oy yakunlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 20,4 foizga kamayib, 632,2 milliard so‘mni tashkil etdi.