UzAuto Motors bir kun o‘tib Chevrolet Cobalt, Lacetti va Damas kabi modellar bilan shartnoma tuzishni to‘xtatdi, deb yozadi Spot.
Kompaniya 4-avgust kuni ushbu avtomobillar sotuvi qayta tiklangani haqida xabar berdi. Yangilangan Damas D2 DLX Style Plus narxi 92,204 million so‘mni, Cobalt GS-Style Plus Mt – 113,711 million so‘m, Cobalt GX-Style Plus AT – 134,294 million so‘mni tashkil qildi.
Lacetti L-Style Plus Mt CNG o‘zbekistonliklarga 144,111 million so‘m, Lacetti L-Style Plus AT 160,868 million so‘mga tushadi.
Bir kun o‘tib UzAuto Motors ushbu uchta model uchun qo‘shimcha partiya dastlabki ikki kun ichida to‘liq shartnoma tuzilganini ma’lum qildi. Jami 4-5-avgust kunlari 50 mingdan ortiq shartnoma tuzildi.
«Bundan tashqari, sizga maʼlum qilamizki, yetti kalendar kundan keyin oʻz vaqtida toʻlanmagan shartnomalarning bir qismi yana shartnoma tuzish uchun ochiq boʻladi», — deyiladi kompaniya xabarida.
Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors korxonalarida kunlik ishlab chiqarish hajmi 1,7 ming dona avtomobilni tashkil qilgan. Yilning birinchi yarmida «O‘zavtosanoat» korxonalari tomonidan 160 ming dona avtomobil, shuningdek, 105 ming dona dvigatel ishlab chiqarildi. Shu vaqt ichida 49,4 ming dona Chevrolet Cobalt, Damas – 34,9 ming, Lacetti-Gentra – 37 ming dona ishlab chiqarilgan.
Bundan oldin, «Kursiv» «O‘zavtoprom» eksportni 40 foizga oshirgani haqida xabar bergan edi.