Yangiliklar

Qaysi banklar taʼlim kreditini ajrata boshladi

Bu jarayon bir qancha moliya institutlarida boshlangan

MKBank, Ipoteka bank va Xalq banki imtiyozli taʼlim kreditlarini bera boshladi. Shu bilan birga tez orada boshqa banklarda ham kredit berish jarayonlari boshlanishi kutilmoqda. 

Foto: Pexels / Andrea Piacquadio

Kreditning bu turi 14 foiz hisoblaniladi, xotin-qizlar uchun foizsiz beriladi.  (Markaziy bank asosiy stavkasiga bog‘langan).

Imtiyozli taʼlim krediti o‘qishni yakunlaganidan keyin 7-oydan boshlab 7 yilga ajratiladi. Aytaylik, talaba 1-kurs bo‘lsa, 11 yilu 7 oy ichida kreditni to‘lashi mumkin bo‘ladi.

Kreditni olish uchun talaba ariza, to‘lov-kontrakt shartnomasi va unga ilova qilinadigan hisob varaqasi/fakturasi, taʼlim krediti qaytarilishining taʼminoti bo‘yicha hujjat hamda kredit oluvchiga tegishli maʼlumot bilan bank filiallariga murojaat qilish kerak.

Taʼlim krediti olish istagidagi talaba «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kirgan oilaning farzandi bo‘lsa ajratiladigan taʼlim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab qilinmaydi.

Avvalroq, «Kursiv» banklar yaqin kelajakda ta’lim uchun imtiyozli kreditlarni qayta tiklashi haqida yozgan edi. O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratovning aytishicha, joriy yilda ushbu maqsadlar uchun 2,5 trillion so‘m yo‘naltirilgan.