Davlat rahbari tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun yana-da qulay sharoitlar yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surishi kutilmoqda.

Xususan, o‘tgan yilgi takliflar asosida biznes subyektlari mikro, kichik, o‘rta va yirik toifalarga bo‘lindi va ularning har biri bilan alohida yondashuvlar asosida ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Tuman va shaharlar ham 5 ta toifaga ajratildi, 60 ta tumanga alohida soliq, kredit va moliyaviy yordam rejimlari joriy qilindi.
O‘tgan olti oyda qariyb 1 trillion so‘mlik imtiyozlardan foydalandi.
Buning hisobiga, 20 ta tumandagi tadbirkorlarning daromadi o‘tgan yilga nisbatan 1,5-2 baravargacha oshdi.
QQSni qaytarish muddati qisqartirilib, o‘tgan bir yil ichida 6 mingta korxonaga 20 trillion so‘m qaytarib berildi.
Ayniqsa, eksportdan valyuta tushumini kutmasdan, qo‘shilgan qiymat solig‘ini intizomli eksportchi korxonalarga qaytarib berish tartibi joriy qilingani natijasida, 2 mingdan ziyod tadbirkorlar hisob-raqamiga 7 trillion so‘m kelib tushdi.
Samarasiz soliq mexanizmlarini qo‘llash natijasida yuzaga kelgan soliq qarzdorligidan voz kechilgani hisobiga, biznes ixtiyorida 2 trillion so‘m qoldi.
Oldinroq, «Kursiv» prezident ochiq muloqotda biznes muammolarni muhokama qilmoqchi ekanligini xabar bergandi.