Qarashlar

Ta’lim krediti qaysi tartib asosida beriladi

Ta'lim krediti olish tartibi va talablari

Taʼlim kreditini olishning ham o‘z tartib-qoidalari bor. Ushbu imtiyozli kreditni olish uchun qanday talablar mavjud? Qaysi banklar tomonidan beriladi? «Kursiv» bu savollarga javob oldi.

Ta'lim krediti qaysi tartib asosida beriladi

Talabalar qaysi tartiblarga asosan imtiyozli taʼlim kreditlarini olishlari mumkin?

Imtiyozli taʼlim kreditlari Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi hisobidan ajratiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 avgustdagi 527-sonli qaroriga  ko‘ra to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun taʼlim kreditlarini Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi resurslari hisobidan 12 ta tijorat banki tomonidan ajratiladi.

Ular: Agrobank, Xalq banki, Mikrokreditbank, Milliy bank, Asakabank, O‘zsanoatqurilishbank, Ipoteka bank, Qishloq qurilish bank, Aloqabank, Turonbank, Hamkorbank, Oriyent finans bank.

Xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt asosida o‘qishi uchun taʼlim kreditlari Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 18 avgustdagi 457-sonli qarori  asosida imtiyozli taʼlim krediti ajratiladi.

Taʼlim kreditlari bakalavr hamda magistraturaning kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shaklida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan yoki qabul qilingan, shuningdek o‘qishini ko‘chirgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan talabalarga beriladi.

Taʼlim kreditini qanday shartlar asosida olish mumkin?

 Taʼlim kreditining asosiy qarzi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng 7-oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi.

Imtiyozli taʼlim krediti yuqorida ko‘rsatilgan 12 ta bank tomonidan kredit oluvchiga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida ajratiladi.

Bilib oling! Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilsa, taʼlim krediti bo‘yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasayadi. Agar asosiy stavka oshirilsa taʼlim krediti bo‘yicha foiz stavkasi o‘zgarishsiz qoladi.

Banklar tomonidan ajratiladigan taʼlim kreditlari shartlari har bir bank tomonidan alohida belgilanadi.

Imtiyozli taʼlim krediti olish uchun qanday hujjatlarni taqdim etish kerak?

Taʼlim kreditini olish uchun istagida bo‘lgan talaba ariza, to‘lov-kontrakt shartnomasi va unga ilova qilinadigan hisob varaqasi/fakturasi, taʼlim krediti qaytarilishining taʼminoti bo‘yicha hujjat hamda kredit oluvchiga tegishli maʼlumot bilan bank filiallariga murojaat qilish lozim.

Aytib o‘tish kerakki, taʼlim krediti olish istagidagi talaba «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kirgan oilaning farzandi bo‘lsa ajratiladigan taʼlim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab qilinmaydi. Bunda reyestrga kiritilganligi to‘g‘risidagi maʼlumotnoma berilishi kerak.

Taqdim etilgan hujjatlar qancha muddatda ko‘rib chiqiladi?

Bankka taqdim etilgan hujjatlar jamlanmasi 5 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Agar taʼlim krediti berish rad etilsa  arizachiga buning sababi ko‘rsatilgan holda javob xati berilishi lozim.

Imtiyozli taʼlim kreditini 4 yilga olish mumkinmi?

Taʼlim krediti shartnomada ko‘rsatilgan bir yillik to‘lov summasiga teng miqdorda tuziladi.

Keyingi o‘quv yili uchun kredit olish qo‘shimcha kelishuv imzolash orqali amalga oshiriladi.

Magistraturada o‘qiyotgan talaba xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari Davlat byudjetidan qoplab berilishi rostmi va bu uchun nima qilish kerak?

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 15 avgustdagi 447-sonli qaroriga asosan kontraktning to‘liq summasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladi.

Buning uchun talaba o‘zi o‘qiyotgan OTM rektori (filial direktori) nomiga 15 sentyabrga qadar ariza bilan murojaat etishi lozim.

 «Kursiv» jurnalisti ta’lim krediti olgan talabalar bilan suhbatlashdi.

«Men o‘tgan yili taʼlim krediti oldim. Ariza va kerakli hujjatlarni topshirib bir necha kun kutdim. Bank xodimlarining o‘zi men bilan bog‘lanishdi.  Shartnomada ko‘rsatilgan summa miqdorida kredit chiqqanini aytishdi. Endi keyingi yil o‘qishni tugatganimdan keyin to‘lashni boshlayman. Bu oilamga ancha yengillik bo‘ldi», deydi Navoiylik Yulduz Yusupova.

Ikkinchi suhbatdoshimiz shunday deydi: «Men taʼlim krediti olishimda kafil topishda qiynaldim. Chunki ota onam nafaqa yoshida. Qarindoshlarimdan biridan iltimos qildim. Shundan keyin hujjatlarimni topshirganman. Uncha umid qilmagan edim, lekin kredit chiqqani va uydagilarni qiynamasligimdan xursandman».

Avvalroq, «Kursiv» qaysi banklarda taʼlim krediti berish amaliyoti boshlangani haqida xabar bergan edi.

2023-yil 1-iyul holatiga koʻra, Oʻzbekiston banklarining taʼlim kreditlari portfeli qariyb 2,6 trillion soʻmni tashkil qilgani haqida xabar ham bergan edik.