O‘zbekiston Xitoy avtomobillari importini oshirdi
Joriy yilning yetti oyi yakunlariga ko‘ra, Xitoy O‘zbekistonga 43,9 ming dona avtomobil yetkazib bergan, bu o‘tgan yilga nisbatan 4,5 barobar ko‘pdir. Bu haqda Tazabek portali Xitoy Xalq Respublikasi Bosh bojxona boshqarmasiga tayanib yozmoqda.
Pul ko‘rinishida bu ko‘rsatkichlar 4,9 barobar o‘sib, 859,5 million dollarni tashkil etdi. Xitoydan avtomobilning o‘rtacha eksport narxi 19,6 ming dollarni tashkil etadi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda avtomobil bozori yil davomida 39 foizga o‘sib, 132 mingtaga yetdi.Yangi avtomobillar savdosi 59,3 foizga o‘sdi.
Iyul oyida mamlakatimiz aholisi qariyb 5 mingta xorijiy rusumdagi avtomobil xarid qildi, bu 2022-yilning shu davriga nisbatan uch barobar ko‘pdir.
Bundan tashqari, respublika banklari tomonidan 2023-yilning birinchi yarmida avtomobillar xarid qilish uchun kreditlar berish hajmi 18,5 trillion so‘mgacha oshirildi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston korxonalari joriy yilning yetti oyida 55,9 ming dona Cobalt avtomobil ishlab chiqarganini yozgan edi.