Bojxona sohasi raqamlashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi vaqti o‘rtacha 2 barobarga qisqardi. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev bojxona qo‘mitasida barpo etilgan Bojxona rasmiylashtiruvi markazi bilan tanishdi. Bu haqida prezident matbuot xizmati axborot berdi.
2017-yilda shu vaqt eksport yo‘nalishida 5 soat 42 daqiqa bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yilda 30 daqiqani tashkil etmoqda.
Hozirda import tovarlarining 80 foizi va eksport tovarlarining 89 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilmoqda. Bojxona yuk deklaratsiyalarini sun’iy intellekt yordamida avtomatik rasmiylashtirish hajmi ham oshirilmoqda.
«Bu sharoitlar, natijalar, albatta, odamni quvontiradi. Lekin raqamlashtirish shunday jarayonki, bir joyda cheklanib qolmaydi. Sohada qilingan ishlardan ko‘ra, qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar ko‘p. Shuning uchun qulayliklarni muntazam oshirib borish zarur. Tizim faoliyatiga tadbirkorlar baho berishi kerak», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Avvalroq, Oʻzbekiston va Pokiston bojxonachilari oʻzaro maʼlumot almashishlari haqida yozgan edik.