RBC: Rossiyaning qurilish maydonchalarida ishchilar yetishmaydi
Rossiyada qurilish sanoati kadrlar yetishmovchiligiga duch kelmoqda, deb xabar beradi «RBC Nedvijimost».
2022-yil iyul oyiga nisbatan bu sohada rezyumelar soni 9 foizga kamaydi. Bo‘sh ish o‘rinlari soni 44 foizga oshdi.
Rossiya avval ham qurilish ishchilarining taqchilligiga duch kelgan. Qisman, masalani Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar hisobidan hal qilish mumkin edi. Biroq, rublning qadrsizlanishi ushbu mintaqa aholisining Rossiya Federatsiyasida ishga joylashish to‘g‘risidagi qaroriga ta’sir qilishi mumkin. Hozir ularning maoshi 300-400 dollarga baholanmoqda.
Nashr Capital Development kompaniyasi egasi Timur Lakeevning so‘zlarini keltiradi. Uning aytishicha, Rossiyada uy-joy qurilishi hajmi oshdi, ishchilar soni esa qisqardi. Mahalliy xodimlarning bir qismi Rossiya–Ukraina harbiy mojarosida qatnashish uchun safarbarlik paytida chaqirilgan. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan quruvchilarning qariyb 15 foizi o‘z vataniga qaytdi.
«Golos Development» rahbari Sergey Paxomov RBCga mamlakatda quruvchilar yetishmasligining uchta sababini aytdi. Birinchidan, Rossiya demografik tuynuk davriga kirdi. Ikkinchidan, Markaziy Osiyoda qurilish jadal rivojlandi. Uchinchidan, mudofaa sanoati qurilish sanoatidan yuqori malakali mutaxassislarni jalb qiladi.
Avvalroq, «Kursiv» Rossiya Federatsiyasi rublning qadrsizlanishi tufayli mehnat muhojirlarining uchdan bir qismini yo‘qotishi mumkinligini yozgan edi.