Bu yil Mustaqillik qabul qilinganining 32 yilligi nishonlanadi. Shu yillarda ko‘p iqtisodiy o‘zgarishlar yuz berdi. «Kursiv» jurnalisti bu mavzu to‘g‘risida mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
Qiyin yo‘l
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1990-yil 20-iyunda bo‘lgan ikkinchi sessiyasida mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilindi. Deklaratsiyada O‘zbekistonning davlat mustaqilligi eʼlon qilindi. 1991-yil 31-avgustda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida Qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra o‘z davlat belgilariga ega va yangi konstitutsiyasi ishlab chiqish vazifasi belgilangan edi.
O‘zbekiston 1991-yil 1-sentyabrda mustaqillikni eʼlon qilgan paytda mamlakat iqtisodiyoti og‘ir edi. O‘tgan yili prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik bayrami arafasida shunday degan edi: «Mustaqillikka erishish oson bo‘lmagan».
Mustaqillik qabul qilinish yillarini Islom Karimov shunday eslagan: «Avvalo, fuqarolarni ijtimoiy jihatdan himoyalash borasida aniq ishlar qilish lozim… 1989-yilda dahshatli davr edi. O‘sha paytda biz qilgan birinchi ish shu bo‘ldiki, odamlarga yer bera boshladik».
Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti tayanch doktoranti Jahongir Ostonov aytishicha90-yillar oxirida iqtisodiy qiyinchilik so‘mning qadrsizlanishi bilan birga kechdi.
«2017-yilga qadar mamlakatda naqdsiz to‘lov va naqd pul muammosi mavjud edi. Naqd pulsiz savdo qilish deyarli imkonsiz holga yetib kelgan, banklarda yetarli ATM mashinalari yo‘q edi. Buning natijasida turli savdo shahobchalaridan naqdlashtirishda yuqori foiz ustamalari to‘lanar edi. Bank kartasidan pulni naqdlashtirishda 30 foizgacha to‘lashga to‘g‘ri kelgan. Bu daromadning uchdan birini shunchaki yo‘qotish degani. 2017-yilda bu muammoning bartaraf etilishi odamlarning moliyaviy imkoniyatlarini iqtisodiy jihatdan yaxshi tomonga o‘zgartirdi», – dedi Jahongir Ostonov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, SSSR parchalanishi ortidan eʼlon qilingan mustaqillik o‘sha vaqtdagi mustaqil respublika sifatida boshqarish oson bo‘lmaganini ko‘rish mumkin.
Mehnat natijalari
Iqtisodiyot fanlari nomzodi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali direktor o‘rinbosari Farxod Axrorov aytishicha, 1996-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi yilma-yil pasaygan.
«Masalan, 1995-yilda 1991-yilga nisbatan real yalpi ichki mahsulot hajmi 18%ga pasayib ketgan edi. 1996-yildan boshlab mamlakatda ijtimoiy yo‘naltirilgan «O‘zbek modeli» ga o‘tilishi YAIMda ham o‘z aksini topdi va 91-yilga nisbatan 1,7% o‘sishga erishildi. 2001-yildan boshlab esa sobiq SSSR davlatlaridan birinchi bo‘lib O‘zbekiston 80-yillardagi ko‘rsatkichlarga chiqdi. 2001-2005- yillarda yillik yalpi ichki mahsulotning o‘sish surʼati yiliga o‘rtacha 5,4%ni, 2006-2010 yilgacha o‘sish surʼati 8,5%ni tashkil etgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmi barqaror o‘sishda davom etmoqda va 80 mlrd AQSH dollardan ko‘proqni tashkil etadi»,– dedi Farxod Axrorov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2000-yillargacha O‘zbekistonda ishlab chiqarish sanoatining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi pasayib borgan. Ammo 2000-yillardan boshlab ishlab chiqarish hajmi ham o‘sib bordi. Masalan, 2022-yilda 2021-yilga nisbatan sanoat ishlab chiqarish hajmi 3.8%ga oshgan. Iqtisodiyotimizga investitsiyalar hajmi 2022-yilda 1996-yilga nisbatan 20 barobarga ko‘p bo‘ldi. Shunga qaramasdan inflyatsiya surʼati ham yuqoriligicha saqlanmoqda. Inflyatsiyaning asosiy manbai bu isteʼmol tovarlari narxlari hisoblanadi. Misol, 2022-yil birinchi choraklikda o‘tgan yilga xuddi davrga nisbatan isteʼmol tovarlari narxi o‘rtacha 2.7%ga oshgan, dedi Axrorov.
«Tashqi savdo aylanmasi 2022-yilda $50 mlrd tashkil etdi. Bunda eksport hajmi $19 mlrd hamda import hajmi $30 mlrd tashkil etgan. Bugungi kunda O‘zbekiston asosan Janubiy Osiyo davlatlari: Koreya, Xitoy, Yaponiya hamda hamdo‘stlik davlatlaridan Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston kabi davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Mamlakatimizda 2021-yilga nisbatan tashqi savdo aylanmasi 18,7%ga o‘sgan. Shu jumladan, MDH davlatlari bilan eksport hajmi 44,8%, import hajmi esa 15.3%ga oshgan», – dedi iqtisodiyot fanlari nomzodi.
Ko‘rishimiz mumkinki, respublikamiz tashqi dunyo bilan savdo aloqalari kengayib bormoqda. Farxod Axrorovning aytishicha, eksport tarkibi 2022-yilda 2000-yillarga nisbatan diversifikatsiyalashgan va sanoat mahsulotlarining umumiy eksport hajmidagi ulushining 10% dan 20%ga chiqishi ishlab chiqarish sanoatining rivojlanib borayotganligidan dalolat beradi.
O‘zbekiston iqtisodiyotining bugungi jozibadorligi investitsiyalar hajmida ham ko‘zga tashlanadi. Masalan, O‘zbekistonda 2022-yilda 13,66 mingta korxonaning faoliyatida xorijiy sarmoyalar jalb etilgan. Bunda 17,5% jami xorijiy kapital Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.
O‘zbekiston Mustaqillik kunini qanday nishonlaydi?
1991-yil 31-avgust kuni mustaqillik eʼlon qilindi. 1992-yil Toshkentdagi «Mustaqillik» maydonida bayram sifatida keng nishonlandi. (Tantana 2011-yilgacha «Mustaqillik» maydonida nishonlanib kelingan)