Joriy yilning o‘tgan 7 oyida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan 21,8 ming nafar xotin-qizlarga himoya orderi berildi. Bu haqida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i O‘g‘iloy O‘rozova maʼlumot berdi.
Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining 18, 5 mingtasi yoki 84,7 foizi oilada sodir etilgan. Bunda rasmiylashtirilgan 5,4 mingta himoya orderlari bo‘yicha maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlik belgildi. Natijada, jabrlangan xotin-qizlarning buzilgan huquqlari tiklandi.
Prezident farmoniga ko‘ra taʼsis etilgan «Ibratli oila» ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom Vazirlar Mahkamasining 437-sonli Qarori bilan tasdiqlandi. Unga ko’ra, ko‘krak nishoni bilan namunali oilalar taqdirlanadi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzurida ko‘krak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha Doimiy komissiya tuziladi. Komissiya xulosasi asosida har yili 5 mayga qadar Oila va xotin-qo‘mitasi raisining buyrug‘i rasmiylashtiriladi. Ko‘krak nishoni bilan 15 may Xalqaro oila kuni bayrami arafasida tantanali taqdirlanadi. Taqdirlangan ibratli oilalarga bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi.
Respublika komissiyasi tomonidan 118 ta mahallada markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik subyektlari tomonidan taklif etilgan loyihalar ko‘rib chiqiladi. Eng yaxshi deb topilgan 66 ta loyiha uchun jami 3 mlrd. 186 mln. so‘m davlat granti ajratilgan. Taklif etilgan loyihalarga muvofiq 1, 06 ming nafar ayollarning bandligi taʼminlanadi.
Avvalroq, O‘zbekiston iqtisodiyotida band bo‘lgan ayollar soni haqida ma’lumot berilgan edi.