Omonatning bir qancha turlari bor. Mablag‘ini qanday saqlashni bilmayotganlarni, albatta, omonatni qanday saqlash kerakligi qiziqtiradi. Bankdagi omonat xizmatlaridan foydalanayotganda nimalarga eʼtibor berish kerak?
Omonatning qanday turlari bor?
Xalq bankining chakana biznes departamenti bosh mutaxassisi Diyoriddin Raximov shunday deydi: «O‘zbekistonda omonatlarning eng keng tarqalgan turlari talab qilib olinguncha (TQO) va muddatli omonatlarga bo’linadi. Birinchisi bo’yicha pul mablag‘lari uchun qatʼiy bir cheklangan muddat bo‘lmaydi. Omonatchi istalgan vaqtda o‘z mablag‘larini olishi mumkin. Amaliyotda, talab qilib olinguncha omonatlarning foiz stavkalari boshqa omonat turlarining foiz stavkalariga qaraganda pastroq bo‘ladi. Baʼzi hollarda foizsiz bo‘ladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muddatli omonat (maʼlum bir muddat uchun omonatlar – 3, 6, 9 oylik, yillik yoki undan ko‘p) bo’yicha summasi bank va siz o‘rtangizda tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan muddat tugagandan so‘ng qaytariladi. Hisoblangan foizlar omonat muddati davrida (har oyda, har chorakda va h.k.) yoki muddat tugagandan so‘ng ham to‘lanishi mumkin.
Jamg‘arma omonatlar – ushbu omonat turining o‘ziga xos tomoni pul mablag‘larini maʼlum maqsad uchun to‘plash va sarflashdir. Omonat maʼlum bir muddatga (ko‘pincha, uzoq muddatga) qo‘yiladi va uni to‘ldirib borish imkoniyati bo‘ladi.
Odatda, banklardagi muddatli va jamg‘arma depozitlarning nomlari bor.
Omonat turlari odatda faqat muddati va to‘lab beriladigan foizlariga ko‘ra farqlanadi
QQB bank mutaxassisi Bahrom Abbasovning so‘zlariga ko‘ra omonatning offlayn va onlayn turlari ham bo‘ladi. Ular mos ravishda onlayn turi bu mobil ilova orqali omonatga pul qo‘yish bo‘lsa, offlayn turi pulni o‘zini ko‘tarib borish hisoblanadi.
«Omonat turlari odatda faqat muddati va to‘lab beriladigan foizlariga ko‘ra farqlanadi. Shuni bilish kerakki, davlat tomonidan omonatlarni kafolatlash tizimi yaratilgan bo‘lib, ushbu tizim muayyan vaziyatlar ro‘y berganda fuqarolarga pul mablag‘larni qaytarib berishni taʼminlaydi.
Ushbu tizim omonat hajmi va valyutasidan qatʼiy nazar uning 100% qaytarilishini kafolatlaydi (omonatlarni to‘liq hajmda qaytarish kafolati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil farmoniga asosan kiritilgan).
«Ushbu tizim barcha mamlakatlarda ham ishlamaydi, masalan, Rossiyada davlat omonatlarni faqat 1,4 million rublgacha (196 million so‘m) qaytarishni kafolatlaydi)», – deydi Abbosov.
Mamlakatimizda omonatlarni kafolatlash va qaytarish bo‘yicha masʼul davlat tashkiloti omonatlarni kafolatlash Fondi hisoblanadi. Fond O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq faoliyat yuritadi.
Qaysi omonat turini afzalligi bu albatta omonatchining shaxsiy tanlovi. Bilish kerakki, qaysidir omonatda foiz balandroq shunga mos ravishda muddat uzoqroq bo‘ladi. Muddat qisqa bo‘lsa shunga qarab foiz ham qisqaradi. Agar omonatchining o‘zida hozir ishlatishga ehtiyoji yo‘q ortiqcha mablag‘ bo‘lsa uzoqroq muddatga qo‘yish qulay hisoblanadi.
Inflyatsiya bo‘lmasa, albatta milliy valyutada qo‘ygan qulayroq. Masalan, avgust oyi oxirida O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 9 foizni tashkil qildi. Ayrim banklar so‘mdagi muddatli depozitlarni 25%, chet el valyutasida esa 8% bilan taklif qiladi.
Avvalroq, «Kursiv» O‘zbekistonda qaysi investitsiyalar eng serdaromad: Quymalar, dollar, yoki qimmatli qog’ozlar to‘g‘risida yozgan edi.