O‘zbekistonda koinot haqida muhokama qilinadi
Oʻzbekistonda MDHga aʼzo davlatlar Davlatlararo kosmik kengashining majlisi boʻlib oʻtadi. Bu haqda Respublika Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Koinot tadqiqotlari va texnologiyalari agentligi bosh direktori Shuhrat Qodirov ma’lum qildi.
«O‘zbekiston Respublikasi Koinot bo‘yicha davlatlararo kengashning keyingi yili beshinchi majlisini o‘tkazishga tayyor. (…) Biz 2024-yilning ikkinchi yarmida yig‘ilish o‘tkazishni taklif qilamiz», — deya Qodirovning so‘zlarini keltiradi TASS agentligi. Bu haqda u Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan kengashning to‘rtinchi yig‘ilishida aytib o‘tdi.
Kengash ishtirokchilari O‘zbekiston vakilining taklifini qabul qilishdi.
MDHga aʼzo davlatlarning Davlatlararo kosmik kengashi koinotni tadqiq qilish va undan foydalanish boʻyicha qoʻshma dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi.
«Kursiv» O‘zbekiston Yer orbitasiga sun’iy yo‘ldosh chiqarishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.