O‘zbekistonda yoshlar o‘rtasida jinoyat sodir qilinishi oshgan
O‘zbekistonda yoshlar o‘rtasida jinoiyat sodir qilinishi oshib boryapti. Bu haqida Oliy majlis senati axborot xizmati maʼlum qildi. Kuni kecha Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi oldidan yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tgan.
Majlisda senatorlar, vazirlik va idoralar masʼullari, ekspertlar bilan birgalikda Yoshlar parlamenti aʼzolari ham ishtirok ishtirok etishdi.
Xabarga ko‘ra, 2021-yilda 1472 nafar voyaga yetmagan shaxs sudlangan. 2022-yilda bu ko‘rsatkich 2116 nafarga yetgan. 2022-yilda ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar 389 ta, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar soni esa 510 tani tashkil qilgan.
Majlisda «Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yana-da liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun muhokama qilindi.
Endilikda qonun bilan o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan o‘ta og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, qonunda voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikni cheklashning hamda ozodlikdan mahrum qilishning eng kam muddati olti oydan bir oygacha qisqartirilishi nazarda tutilmoqda.
Ushbu Qonun voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligini yana-da liberallashtirishga xizmat qiladi. O‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsga hayotini sudlanganlik tamg‘asidan xoli tarzda davom ettirishi uchun sharoit yaratadi.
Bu Qonunning maʼqullanishi yuzlab yoshlarga hayotini qaytadan boshlash imkon beradi.
Avvalroq, «Kursiv» O‘zbekistonda Senat va Qonunchilik palatasi o‘z xohishiga ko‘ra tarqatib yuborilishi mumkin bo‘lishi haqida yozgan edi.