TG Holding O‘zbekistonda Janubiy Koreya brendlarining poyabzal va kiyimlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Bundan tashqari, investor mamlakatimizda sun’iy charm zavodi qurmoqchi.
Bu haqda «O‘zcharmsanoat» uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev va TG Holding rahbari San Jin Kong o‘rtasidagi uchrashuvda ma’lum bo‘ldi.
Loyihalarni ishga tushirish 2023-yilning noyabriga rejalashtirilgan. Shu maqsadda tomonlar hamkorlik memorandumini imzoladilar.
Birinchi sarmoyaviy loyihalarni charm-poyabzal, shuningdek, kosmetologiya va energetika sohalarida amalga oshirish rejalashtirilgan. TG Holding ushbu tashabbuslarga 150 million dollar to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar ajratdi.
TG Group butun dunyo bo’ylab 50 dan ortiq bozorlarda xizmat ko’rsatadigan asosiy HR yechimlari provayderi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha mamlakatimizda Nike brendi ostida krossovkalar tikishni boshlagan edi. Oyoq kiyimlari Markaziy Osiyo va Yevropa bozorlariga yetkazib beriladi.
Avvalroq, «Kursiv» «Tavro» kompaniyasi (Rossiya) O‘zbekistonga poyabzal ishlab chiqarish uchun yuqori sifatli charm yetkazib berishni boshlashini yozgan edi.