Toshkent shahrida 28-sentyabrga o‘tar kechasi aeroportning bojxona ombori hududida kuchli portlash sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
«Bugun, 28-sentyabr kuni soat 02:43 da Favqulodda vaziyatlar vazirligining navbatchilik bo‘limiga Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi “Quruvchilar» mavzesida joylashgan omborlardan birida kuchli yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushdi.
Boshqarmaning aniqlik kiritishicha, 16 nafar yong‘in-qutqaruv guruhi voqea joyiga soat 02:48 da yetib kelgan va hozirda yong‘inni o‘chirish ishlari olib borilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda portlash samolyot halokati tufayli sodir bo‘lgani haqidagi mish-mishlarni ham rad etdi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, portlash to‘lqini epitsentrdan 30 kilometr uzoqlikda ham sezilgan. Yaqin atrofdagi uylarning deraza va eshiklari singan. Do‘konlar va idoralar vayron qilingan.
Rasmiylar yo‘llarni to‘smoqda. Tez yordam brigadalari portlash joyiga yetib borishda davom etmoqda.
Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, portlash natijasida «Inter Logistics» MChJga tegishli ombor deyarli butunlay vayron boʻlgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligining xabar berishicha, yong‘in oqibatida jabrlanganlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Toshkent viloyatidagi filialiga yetkazilgan.
Ayni paytda shifokorlar jabrlanganlarga barcha zarur tibbiy yordam ko‘rsatmoqda.