Toshkentda uy-joy narxi qimmatlashi mumkin
Ko‘pqavatli uylardagi xonadonlar narxining o‘zgarishidan olinadigan foyda va ijara daromadlarining birgalikdagi taʼsiri baholandi. Bu esa 2 va 3 xonali turar joylar investitsiyalarning daromadliligi nuqtai nazaridan istiqbolli bo‘lib chiqdi. Bu haqida Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti rasmiy sahifasida tahlil keltirilgan.
2023-yilning avgust oyida uy-joy o‘rtacha narxining o‘tgan yil avgust oyidagiga nisbatan eng yuqori o‘sishi Yunusobod (37,1 foiz) va Mirzo Ulug‘bek (35,7 foiz) tumanlarida qayd etilgan. Nisbatan pastroq o‘sish esa Sergeli (27,8 foiz) va Olmazor (24,4 foiz) tumanlarida kuzatildi.
Ko‘chmas mulk egalarining ijarasidan (uy qiymatiga nisbatan) olinadigan daromad bo‘yicha, Mirzo Ulug‘bek (12 foiz) va Chilonzor (10,6 foiz) tumanlarida eng yuqori daromad olinadi. Nisbatan pastroq daromad Sergeli (8,5 foiz) va Uchtepa (8,2 foiz) tumanlarida olinayapti.
Mazkur hisob-kitoblarni amalga oshirishda Jorda va boshqalarning (2019) metodologiyasidan foydalanildi.
Uy-joy narxlari oshib borayotgan sharoitda ijaradan kelayotgan daromadning jazibadorligi aholi jamg‘armalarining ko‘chmas mulkka yo‘naltirilishini yana-da rag‘batlantiradi. Bu esa uy-joyga bo‘lgan talabni oshirib, ular narxining qimmatlashishiga olib kelishi mumkin.
Avvalroq, Fuqarolar shaharsozlik loyihalari bo‘yicha ovoz berishlari mumkinligi haqida xabar bergan edik.