Yangiliklar

Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatida Artel changyutgichlari va televizorlari ishlab chiqarila boshlaydi

Korxona muddatidan avval ishga tushiriladi

Qarag‘anda viloyatida Artel kompaniyasining maishiy texnika ishlab chiqaruvchi zavodi ochildi. Ishlab chiqarishni joriy yilning dekabr oyida ishga tushirish rejalashtirilgan, dedi Qozog‘iston Sanoat va qurilish vazirligi rahbari Kanat Sharlapaev.

Фото: Artel

Korxonaning quvvati yiliga 1,1 million donani tashkil etadi.

Zavodda Artel markasi ostida elektr suv isitgichlari, changyutgichlar, pechka va qalpoqlar, televizorlar, kir yuvish mashinalari ishlab chiqariladi. Shu bilan birga besh mingta ish o‘rni yaratiladi.

Avval xabar qilinganidek, ishlab chiqarish sobiq RTI zavodi hududida joylashtiriladi. Korxona uchun kadrlar Qarag‘anda viloyati Shaxtinsk kollejida tayyorlanadi. Ular O‘zbekistondagi hamkor Artel kompaniyasida amaliyot o‘tamoqda.

Bundan tashqari, yil oxirigacha Qo‘stanay viloyatida Chevrolet Onix avtomobillarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. «SaryarkaAvtoProm» kompaniyasi ishlab chiqarishni yiliga 30 mingtaga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Artel kompaniyasi Qarag‘anda viloyatida uskunalar ishlab chiqarishni faqat 2025-yilda yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgan edi.