Dunyoga mashhur kompaniya O‘zbekistonning ekologik toza bo‘lishiga yordam beradi
Arup xalqaro kompaniyasi O‘zbekiston energetika tizimiga kam uglerodli vodorodni joriy etish bo‘yicha qonunchilik bazasini yaratishda ishtirok etadi. Tashkilot Jahon banki tomonidan tayinlangan, deb xabar qildi uning matbuot xizmati.
Arupga Turkiya, Buyuk Britaniya va boshqa bir qator mamlakatlardan mutaxassislar jalb etiladi. Bu mutaxassislar O‘zbekistonda amaldagi tabiiy gaz qonunini takomillashtirishga ham yordam beradi. Ishlarni 2024-yilning ikkinchi choragida yakunlash rejalashtirilgan.
Kompaniya fikricha, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yashil vodorod ishlab chiqarish markaziga aylanishi mumkin.
«Biz O‘zbekistonda kelajakda toza energiya tizimini yaratishga yordam beradigan bunday keng ko‘lamli loyiha ustida ishlayotganimizdan mamnunmiz. Mahalliy darajada loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha katta tajribamiz va Jahon banki bilan yaqin hamkorlikni hisobga olgan holda, biz ushbu tadbirni mintaqadagi energiya almashinuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatish uchun ajoyib imkoniyat deb bilamiz», — dedi loyiha rahbari O‘zg‘ur Chelebi.
Arup 1946-yil aprel oyida tashkil etilgan. Kompaniya faoliyatining asosiy yo’nalishlari – muhandislik va shaharsozlik, konsalting.
Avvalroq, «Kursiv» O‘zbekistonda qariyb 8 milliard dollarlik muqobil energiya tashabbuslari amalga oshirilayotgani haqida yozgan edi.