Janubiy Koreyada qancha o‘zbekistonlik talaba noqonuniy muhojir hisoblanadi
O‘zbekiston Janubiy Koreyaga D-4 vizasi bilan kirgan noqonuniy muhojirlar soni bo‘yicha yetakchi uch davlatdan biri hisoblanadi. Bu haqda «O‘tish davri Koreya» partiyasi rahbari Cho Jung Xun Yonhap agentligiga ma’lum qildi.
D-4 vizasi asosan koreys tilini o’rganayotgan chet el fuqarolariga beriladi.
2023-yilning iyun oyi holatiga ko‘ra, ushbu viza bo‘yicha Janubiy Koreyaga kirishga ruxsat olgan 64,9 ming nafar xorijlikdan 22,7 ming nafar vetnamlik noqonuniy ravishda mamlakatda qolgan. O‘zbekistonning 1 mingga yaqin fuqarosi va Mo‘g‘ulistonning 820 nafar vakili ham noqonuniy muhojir bo‘ldi.
«O‘tish davri Koreya» yetakchisi Seulning xorijlik talabalarga nisbatan siyosatini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Uning aytishicha, ularning vizalarini tekshirish jarayoni chuqurroq amalga oshirilishi kerak.
Avvalroq, «Kursiv» o‘tgan yili Janubiy Koreyada 69 ming O‘zbekiston fuqarosi istiqomat qilganini yozgan edi.