Kecha MDH davlatlari, jumladan, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari rus tilining millatlararo muloqot uchun maqomi va targ‘ibotiga oid qator hujjatlarni kelishib oldi, deb yozadi «Kommersant».
Shu tariqa, O‘zbekiston, Rossiya, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston rus tilining millatlararo maqomini qo‘llab-quvvatlovchi bayonot va shu maqomda rus tilini targ‘ib qiluvchi jahon miqyosidagi tashkilot yaratish to‘g‘risidagi hujjatni ma’qulladi.
Bundan tashqari, davlatlar diniy erkinlikni qoʻllab-quvvatlash, raqamlashtirish va koʻp qutbli dunyoda xalqaro munosabatlar sohasida hamkorlik qilish boʻyicha bayonotlarni kelishib olishdi.
13-oktyabr, juma kuni mazkur hujjatlar MDH davlatlari rahbarlari tomonidan ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
Avvalroq, «Kursiv» Ijtimoiy dizayn markazi platformasi va OnIn kompaniyasi tomonidan o’tkazilgan so’rov natijalari haqida xabar bergan edi. Natijalarga ko’ra, MDH davlatlarida yashovchi rus tilida so’zlashuvchilarning 87 foizi, Rossiyadan tashqari, o’zlarini «mahalliy», 13 foizi – «chet elliklar» deb bilishadi.