Chimkentdagi g‘isht zavodlari egalari 60 nafar O‘zbekiston fuqarosini mehnat qulligida ushlab turishgan. Bu haqda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi xabar bermoqda.
Avvalroq, Aqto‘be viloyatida yashovchi fuqaro Olmaota politsiyasiga murojaat qilgan. Uning O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan akasi Chimkentdagi mehnat qulligidan qochishga muvaffaq bo‘lganini aytgan.
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, g‘isht zavodi egalari jismoniy shikast yetkazish bilan tahdid qilgan. Shuningdek, erkakni kuch bilan ushlab turishgan.
Olmaota va Chimkent shaharlarining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limlari xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Tadbir davomida g‘isht zavodlarining uch nafar xo‘jayini qo‘lga olingan.
Tekshiruvlar davomida tergovchilar ikkita zavod hududidan 60 dan ortiq xorijliklarni aniqlashgan. Ularning barchasi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan.
Avvalroq, «Kursiv» bu yil Qozog‘iston fuqaroligini olganlarning yarmidan ko‘pi O‘zbekistondan ekani haqida yozgan edi.