O‘zbekistonda oltin quymalarining narxi rekord darajaga yetdi
Markaziy bank bergan ma’lumotlarga ko‘ra oltin quymasi narxlari oshib bormoqda.
22-sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda besh grammlik oltin quymasini 3,9 million so‘mga xarid qilish mumkin edi. 10 gramm uchun 7,83 million, 20 gramm uchun 15,66 million, 50 gramm uchun esa 39,16 million to‘lash kerak bo‘lgan. Sakkiz oy ichida metall mos ravishda 0,42 million, 0,85 million, 1,7 million va 4,23 millionga qimmatlashgan. «Kursiv» bu haqida yozgan edi.
Bugungi kundagi narx esa 5 gr uchun 4 milliondan, 10 gr uchun 8 milliondan, 20 gr uchun 16 milliondan va 50 gr uchun esa 40 milliondan ziyod ekanini ko’rishimiz mumkin.
Aytish kerakki, Falastin-Isroil mojarosi ham oltin qimmatlishishiga ta’sir etgan. Yaqin Sharqdagi voqealar tufayli qimmatbaho metalning bir troya untsiyasi narxi 5 oylik eng yuqori ko‘rsatkichga – 1996 dollarga yetgan.
Markaziy banklar qimmatbaho metallarni ommaviy ravishda sotib olishda davom etayotganligi sababli oltinga investitsiyalar rekord darajaga yetmoqda.
Shunga qaramay, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 1,6 milliard dollarga kamaygani haqida oktabr oyining o’rtalarida «Kursiv» xabar bergan edi. Respublika Markaziy banki statistik maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning oktabr oyi boshida Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari bir oy davomida 1,6 milliard dollarga kamaygan holda 31,04 milliard dollarga yetgan.
Joriy yilning yozida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki rahbari Mamarizo Nurmuratov oltin-valyuta zaxiralarining qisqarishi sababini tushuntirdi. Xususan, vaziyatga oyning oxirgi kunidagi oltin narxining o‘zgarishi, shuningdek, importning qisqarishi ta’sir ko‘rsatgan.