Yangiliklar

Makron uran uchun O‘zbekiston va Qozog‘istonga keladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston radioaktiv metal ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi beshlikka kiradi
Foto: Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot xizmati

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron noyabr oyidagi O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrifi chog‘ida uran yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi, deb xabar berdi Bloomberg manbalarga tayanib.

Bloomberg suhbatdoshlarining fikricha, bu bilan Makron o‘z mamlakatining energiya xavfsizligini oshirishga pul tikmoqda.

Shuningdek, agentlik manbalarining fikricha, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi mintaqada uzoq vaqtdan beri oʻrnatilgan munosabatlarni buzgan va bu yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Ostonadagi muzokaralar mavzularidan biri Fransiyaning Orano SA kompaniyasining Qozog‘iston bozoridagi ishtirokini kuchaytirish bo‘lishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, Makronning tashrifi Nigerda harbiy xuntaning hokimiyatga kelishi va Oranoning bu mamlakatdagi faoliyatini to‘xtatishi fonida sodir bo‘lmoqda.

«Qozog‘iston Fransiyaning energetik xavfsizligini ta’minlashning kalitidir», dedi Parij xalqaro munosabatlar instituti tadqiqotchisi Maykl Leviston.

Bloomberg ma’lumotlariga ko’ra, Qozog’iston 2022-yilda uran qazib olish bo’yicha birinchi o’rinni egallagan – 21,2 ming tonna, O’zbekiston esa beshinchi o’rinda – 3,3 ming tonna.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida «O‘rano», «Navoiyuran» va O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasi o‘rtasida radioaktiv metal ishlab chiqarish va qayta ishlashni kengaytirish bo‘yicha shartnoma tuzilgan edi.

O‘tgan yili mamlakatimiz Yevropa davlatlariga 441 tonna uran eksport qildi, bu 2021-yilga nisbatan 171 foizga ko‘pdir.

Avvalroq, «Kursiv» Fransiya Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini saqlab qolishga intilayotgani haqida yozgan edi.