O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryodagi harbiy qismga tashrif buyurib, qurol-yarog‘larni ko‘zdan kechirdi, harbiy xizmatchilarning mehnat sharoitlari bilan tanishdi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari bosh qo‘mondoni Mirziyoyevga armiyaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shaxsiy tarkibni shakllantirish borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi.
Prezident Bayraktar TB2 uchuvchisiz uchish apparati parvozini ham kuzatdi va bunday mexanizmlarni boshqarish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish imkoniyatlariga oid hisobotni tingladi.
Bayraktar TB2 – Turkiyaning o‘rta balandlikdagi zarba beruvchi uchuvchisiz havo apparati. U havoda bir kungacha qolishi mumkin, maksimal parvoz masofasi 150 km.
Dron havoda navbatchilik qilish imkonini beradi.
Avvalroq, «Kursiv» xabar berishicha, U.S. News & World Report nashri O‘zbekiston armiyasini Markaziy Osiyodagi eng kuchli armiya deb tan oldi.