Yangiliklar

Talaba qizlar trillionlab so‘mlik foizsiz ta’lim kreditlari oldi

Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahimova ma’lum qildi
Foto: Krakenimages.com / depositphotos.com

Talaba qizlar trillionlab so‘mlik foizsiz ta’lim kreditlari oldi. Bu haqida «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston va Islom xamkorlik davlatlari tashkilotiga a’zo mamlakatlar tajribasi» mavzusi bo‘yicha xalqaro forumida Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Gulnora Rahimova nutq so‘zladi.

«O‘zbekiston Respublikasida 2022-2023 o‘quv yilida xotin-qizlarga foizsiz ta’lim kreditlari berish tizimi davom ettiriladi. Prezident qaroriga asosan o‘tgan yili 132 ming talaba qizlarga 1 243,9 mlrd so‘m foizsiz ta’lim kreditlari ajratildi»- dedi vazir o‘rinbosari.

Ayni paytda mazkur kreditlar bo‘yicha hisoblangan 11,2 mlrd so‘m foizlar jamg‘arma mablag‘lari hisobidan to‘langan.

2023-yilgi byudjet parametrlarida ushbu tadbirlarga 1,7 trln so‘m ajratilgan bo‘lib, hozirda 96,1 ming talaba tahsil olmoqda. 1005 mlrd so‘m imtiyozli ta’lim kreditlari ajratilib, ushbu kreditlar bo‘yicha hisoblangan foizlar ham to‘landi.

«Shuningdek, 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura yo‘nalishida tahsil olayotgan xotin-qizlarga shartnoma bo‘yicha to‘lovlar davlat byudjeti hisobidan qoplanadi. Bu chora-tadbirlar mamlakatimizda xotin-qizlarning bilim olishi uchun yanada qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan»- qo‘shimcha qildi Gulnora Rahimova

Buning natijasida 2022-2023 o‘quv yilida davlat oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan 12,3 ming nafar xotin-qiz birinchi o‘quv yilining yarmida davlat hisobidan ta’lim oldi.

Shu bilan bir qatorda, 2023-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi O‘RQ-813-son Qonuniga asosan «El-yurt umidi» jamg‘armasi hisobidan xorijiy oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim dasturlari bo‘yicha 50 nafar va 10 nafar xotin-qizni xorijiy oliy ta’lim muassasalarida magistratura yo‘nalishida o‘qitish uchun 200 mlrd mablag‘ ajratilgan.

Avvalroq, «Kursiv» ta’lim krediti qaysi tartib asosida beriladi, deb xabar bergan edi.