Yangiliklar

Ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun byudjetdan qancha pul sarflangan

2023-yilning 1-noyabr holatiga ko‘ra qariyb 526,2 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan

O‘zbekistonda 2021-yilda «Ayollar daftari» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 255,3 mlrd so‘m, 2022-yilda 544,3 mlrd so‘m mablag‘ sarflangan. 2023-yilning 1-noyabr holatiga ko‘ra esa qariyb 526,2 mlrd so‘m ajratilgan. Bu haqda «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston va Islom hamkorlik davlatlari tashkilotiga a’zo mamlakatlar tajribasi» mavzusi bo‘yicha xalqaro forumida Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Gulnora Rahimova nutq so‘zladi.

Foto: Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi

Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan 2023-yilning 1-oktyabr holatiga ko‘ra kam ta’minlangan oilalardagi 2 168 nafar xotin-qizlarga jarrohlik amaliyoti o‘tkazish hamda davolash orqali sog‘lom hayotga qaytarish uchun qariyb 23,6 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

Gulnora Rahimovaning aytishicha, nogironligi bo‘lgan 8 000 nafar xotin-qizlarga nogironlik aravachalari, eshitish moslamalari va boshqa reabilitatsiya vositalarini xarid qilingan. Bu uchun 9,9 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

Foto: Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi

Shuningdek, zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi, va ularning hududiy bo‘limlarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplangan. Bu uchun esa 12,4 mlrd so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.

Avvalroq, «Kursiv» talaba qizlar trillionlab foizsiz ta’lim kreditlari olishgani haqida xabar bergan edi.