Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Holid al-Falih boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident axborot xizmati xabar berdi. Saudiya delegatsiyasining bu galgi tashrifi doirasida kimyo, energetika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, IT va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida $12 mlrd o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
Uchrashuv davomida o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari, O‘zbekiston iqtisodiyotiga, eng avvalo «yashil» energetika sohasiga Saudiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hajmi, aviaqatnovlar soni ortgani haqida so‘z bordi.
Saudiya taraqqiyot fondi ko‘magida sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv ta’minoti va boshqa yo‘nalishlarda bir qator ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xabarga ko‘ra, O‘zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shma fond tashkil etiladi.
Tomonlar transport infratuzilmasi va uy-joy kommunal xo‘jaligi, geologiya, irrigatsiya, chiqindilarni qayta ishlash, oliy ta’lim va mehnat migratsiyasi sohalarida qiymati $11 mlrd yangi loyiha va dasturlarni ilgari surish bo‘yicha kelishib oldilar.
«ACWA Power» kompaniyasi bilan sermahsul hamkorlik alohida qayd etildi. Bugungi kunda kompaniya bilan birgalikda qiymati 7,5 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Sirdaryo viloyatida 1,5 gigavatt quvvatli zamonaviy issiqlik elektr stansiyasining faoliyati hamda Toshkent viloyatida «yashil vodorod»ni «pilot» tarzda ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish ishlari boshlanayotganini olqishladi.
Shuningdek, vazir Holid al-Falixni O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan katta hissasi uchun «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi.