O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasining Isroil hukumatini Golan tepaliklarini ozod qilishga chaqiruvchi rezolyutsiyasiga ovoz berdi.
Hujjat 91 davlat tomonidan ma’qullangan. Avstraliya, Isroil, Kanada, AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar bunga qarshi chiqdi.
Golan tepaliklari avval Suriyaga tegishli edi, biroq Olti kunlik urushdan keyin hududning katta qismi Isroil tomonidan bosib olindi. Eslatib o‘tamiz, Vashington 2019-yildan beri Isroilning ushbu hududlardagi suverenitetini tan olgan.
BBC ma’lumotlariga koʻra, 2019-yilda Golan tepaliklarida xalqaro huquqqa koʻra noqonuniy deb topilgan 30 ga yaqin isroillik aholi punktlari boʻlgan. Bu hududda Isroil fuqarolaridan tashqari arablarning etno-konfessional guruhi – druzlar yashaydi.
Avvalroq, «Kursiv» noyabr oyi boshida O‘zbekiston AQShning Kubaga nisbatan sanksiyalarini bekor qilishga ovoz bergani haqida e’lon qilgan edi.