O‘zbekistonda OIV/OITS infeksiyasiga chalinganlar soni qanchaga oshdi
Bugun, 1-dekabr – butunjahon OITSga qarshi kurash kuni. Bugungi kunda Respublikamizda 48 mingdan ortiq shaxs OIV/OITS bilan yashab kelmoqda. Ularning 54 foizi erkaklar, 46 foizi ayollar tashkil etadi. Bu haqda RIEMYUPKIATM Virusologiya ITI mutaxassisi, OIV tadqiqotlar bo‘lim mudiri, tibbiyot fanlar doktori Allabergan Bayjanov «Kursiv»ga xabar berdi.
OIV/OITS yuqtirganlar bilan kasallanish ko‘rsatkichi yuqoriligi Samarqand, Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘tgan yilgi maʼlumotga ko‘ra, O‘zbekistonda kasallanganlar soni 45 ming bo‘lgan. Ularning 55 foizi erkaklar, 45 foizi ayollar, 14 foizini esa 18 yoshga to‘lmagan bolalar tashkil etgan.
Shuningdek, o‘tgan yili OIV/OITS infeksiyasi bilan kasallanish ko‘rsatkichi yuqoriligi ichki migratsiya hamda aholi sonini ko‘pligi hisobiga Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatiga to‘g‘ri kelgan.
2013-yildan 2022-yilgacha qamrab olingan OIV/OITS statistikasi ko‘ra, mamlakatda 2020-yilda 2817 kishi, 2021-yilda 3289 kishi, 2022-yilda esa 3889 kishi ushbu kasallikka chalingani qayd etilgan.
Aytish kerakki, so‘nggi 5 yilda OIV/OITS infeksiyasiga tekshiruvlar soni 700 mingdan 3,5 millionga yoki 5 barobarga ortgan. Hukumat tomonidan dori vositalarini moliyalashtirish 80%ni tashkil etmoqda.