Ozarbayjonning Boku shahrida O‘zbekiston savdo uyi ochildi, deb xabar berdi «O‘zcharmsanoat» uyushmasi matbuot xizmati.
Ochilish marosimida «O‘zcharmsanoat» aksiyadorlik jamiyati va uyushma tarkibiga kiruvchi korxonalar vakillari ishtirok etdi.
Savdo uyida charm-poyabzal, to‘qimachilik, kimyo, qurilish sanoati mahsulotlari namoyish etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Ozarbayjondagi elchisi Baxrom Ashrafxonov olti yil davomida ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi to‘qqiz barobar oshganini ta’kidladi.
– Bugun O‘zbekistonda tadbirkorlik va sarmoya kiritish uchun eng qulay sharoitlar yaratilgan, men nafaqat mamlakat iqtisodiyotini liberallashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan qadamlarni, balki o‘zbek xalqining mashaqqatli mehnatini ham nazarda tutyapman, – deydi savdo uyi rahbari Ramin Sharifov.
Avvalroq, «Kursiv» Dog‘istonda savdo uyi ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.