O‘zbekiston va Avstriya savdo hamkorligini mustahkamlaydi
Oʻzbekiston va Avstriya savdo-iqtisodiy sohadagi oʻzaro hamkorlik boʻyicha yoʻl xaritasini shakllantirdi, deb xabar qildi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Bu haqda hukumatlararo komissiyaning Venada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida kelishuvga erishildi. Unda ikki davlatdan 100 dan ortiq biznes vakillari ishtirok etib, qishloq xo‘jaligi, geologiya va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida loyihalarni amalga oshirishga kelishib olishdi.
2022-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Avstriyaga 20,6 million dollarlik mahsulot eksport qilgan, import hajmi esa 114,16 million dollarni tashkil qilgan.
Mamlakatimiz ushbu Yevropa davlatiga asosan kimyo mahsulotlari va o‘g‘itlar yetkazib berdi, texnika va tibbiy asbob-uskunalar xarid qildi.
Avvalroq, «Kursiv» Avstriya kompaniyasi chinni tosh buyumlar ishlab chiqaruvchi zavod qurishini yozgan edi.