Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida gaz yo‘qligi haqida ma’lumot tarqaldi. 5-dekabr kuni haydovchilar mashinalariga yoqilg‘i quyish uchun Sergelidan boshlab Janubiy vokzalgacha metan «zapravka» qidirib yo‘lga chiqishdi, ammo yoqilg‘i quyish shoxobchalari ishlamayotganini aniqlashdi, deb xabar berdi Potrebitel.uz Telegram kanali.
«Kursiv» jurnalisti bu savolga aniqlik kiritish uchun Toshkent shahridagi «zapravka»larga qong‘iroq qildi. «Premium Oil» yoqilg‘i shoxobchasida (Yunusobod tumani) «metan bor va bemalol avtomobilga yoqilg‘i quyish mumkin» deyishadi.
«Artus» metan «zapravkasi» (Sergeli tumani) ham gaz bilan muammolar yo‘qligi va yoqilg‘i shoxobchasi ishlayotgani haqida xabar berdi.
Bektemir tumanidagi «Gulsara LUX» yoqilg‘i quyish shoxobchasida esa «metan to‘ldirish bo‘yicha hech qanday qiyinchiliklar ko‘zda tutilmagan» deyishadi. “Zapravka» ishlayapti”- deb javob berishdi.
Avvalroq, «Kursiv» O‘zbekiston viloyatlaridan birida yoqilg‘i quyish shoxobchalari faoliyati cheklandi, deb xabar bergan edi.