Jahon banki (JB) O‘zbekistonga mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 800 million dollar miqdorida imtiyozli kreditlar ajratadi, deyiladi tashkilot saytida.
Bayonotda mablag‘lar qaysi stavkada berilishiga aniqlik kiritilmagan, biroq bu pul hukumatga xalqaro moliya bozorlariga qaraganda kamroq xarajat qilishi qayd etilgan. Tejalgan mablag‘lar ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun ishlatilishi mumkin, deydi Jahon banki ekspertlari.
«Jahon bankining yangi faoliyati hukumatning asosiy ustuvorliklarini, jumladan, qishloq xoʻjaligi, temir yoʻl, kimyo va energetika kabi muhim tarmoqlarda davlat hukmronligini kamaytirishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Tegishli chora-tadbirlar xususiy sektorning ushbu tarmoqlarni rivojlantirishda yanada faol ishtirok etishiga imkon beradi. Shuningdek, ushbu operatsiya aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilishni kuchaytirishga, iqlim o‘zgarishi va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga yordam beradi», — dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.
Jahon banki mablag‘lari, masalan, energetika sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. O‘zbekiston ushbu bozorning mustaqil regulyatorini yaratish va tarif siyosatini o‘zgartirishni rejalashtirmoqda. Maqsad – infratuzilmaga sarmoya jalb etish va xususiy sektorni sanoatda ishtirok etishga rag‘batlantirish. Respublikada temir yo‘l orqali yo‘lovchi va yuk tashish narxlari ham qayta ko‘rib chiqiladi. Shu bois bu yo‘nalishda ham mablag‘ kerak.
Avvalroq, «Kursiv» Jahon banki O‘zbekistonga «O‘zbekiston Respublikasida raqamli inklyuziya» loyihasi uchun 50 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishini yozgan edi.