POSCO International Textile kompaniyasi Farg‘ona viloyatida koreys tilini o‘rganish markazini ishga tushirdi, deb xabar berdi Yonhap.
Ta’lim muassasasi Koreya Respublikasining Toshkent shahridagi ta’lim markazi bilan hamkorlikda ishga tushirildi.
«Umid qilamanki, u ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar rivojiga hissa qo‘shadigan ajoyib iqtidorlar tayyorlash muassasasiga aylanadi» – dedi Janubiy Koreyaning O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Kim Xi San.
Yonhap xabariga ko‘ra, Farg‘ona viloyatidagi markaz yoshlarga koreys tili bo‘yicha boshlang‘ich bilimlarni o‘rgatadi. Shuningdek, u Janubiy Koreya madaniyatini targ‘ib qiladi va Koreyada o‘qish va ishlash haqida ma’lumot beradi.
POSCO International Textile 1996-yilning bahorida Daewoo International Corporation (hozirgi Posco International) tomonidan asos solingan. Korxona toʻqimachilik mahsulotlari: paxta xom-ashyosi va ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Avvalroq, «Kursiv» Janubiy Koreya kelasi yili rekord miqdordagi mehnat muhojirlarini qabul qilishini e’lon qilgan edi.